Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi “Xavfsiz shahar” tizimlarini rivojlantirish markazi davlat muassasasi xodimlarining odob-axloq qoidalari
1. Umumiy qoidalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi “Xavfsiz shahar” tizimlarini rivojlantirish markazi xodimlarining odob-axloq qoidalari (keyingi o‘rinlarda — Odob-axloq qoidalari) “Xavfsiz shahar” tizimlarini rivojlantirish markazi davlat muassasasi (keyingi o‘rinlarda — Markaz) xodimlarining kasbiy madaniyati, xizmat faoliyati davomida hamda xizmatdan tashqari vaqtda odob-axloqi, tashqi ko‘rinishi va kiyinish uslubining namunaviy qoidalarini belgilaydi.
Odob-axloq qoidalari davlat xizmatida yuksak kasbiy madaniyatni shakllantirish, jamoatchilik ongida davlat xizmatiga bo‘lgan hurmat va ishonchni oshirish hamda davlat xizmatchilarining axloq qoidalariga zid bo‘lgan xatti-harakatlarining oldini olishga qaratilgan.
2. Markaz xodimlari o‘z kasbiy faoliyatini quyidagi prinsiplar asosida amalga oshirishi shart:
- qonuniylik;
- Vatanga sadoqat va xizmat vazifasiga fidoyilik, yuklangan funksional vazifalarini to‘liq bajarish, ijro intizomiga qat’iy rioya etish;
- fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarining ustuvorligi;
- davlat va jamiyat manfaatlariga sodiqlik;
- adolatlilik, halollik va xolislik;
- korrupsiyaviy holatlarga murosasiz munosabatda bo‘lish va qarshi kurashish;
- xizmat sirini qat’iy saqlash;
- mansab vakolatlarini suiiste’mol qilmaslik;
- manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik.
3. Markaz xodimlari mehnat faoliyati davomida va ishdan tashqari vaqtda xulq-atvorning quyidagi umumiy qoidalariga amal qilishi lozim:
- davlat xizmatining obro‘siga putur yetkazishi mumkin bo‘lgan xatti-harakatlardan tiyilish, axloq normalariga doimiy rioya qilish;
- mas’uliyat, kasbiga sadoqat va halollikni kundalik shiorga aylantirish;
- murakkab vazifalarni bajarishda hamkasblariga ko‘maklashish;
- xushmuomalalik, e’tiborlilik va hushyorlik bilan fuqarolarda davlatga nisbatan ishonch va hurmat hissini uyg‘otish;
- oilasida sog‘lom muhitni ta’minlab, oila a’zolariga doimiy g‘amxo‘r bo‘lish, farzandlarida vatanparvarlik va boshqa yuksak axloqiy fazilatlarni shakllantirish;
- fuqarolarning ijtimoiy kelib chiqishi, iqtisodiy ahvoli va boshqa omillardan qat’i nazar, ular bilan bir xil, samimiy, odob doirasida munosabatda bo‘lish;
- jamiyatda axloqning umume’tirof etilgan qoidalariga amal qilish.
4. Markaz xodimlari o‘z vakolatlarini amalga oshirayotganda O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga, “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuniga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, ushbu Odob-axloq qoidalariga va boshqa qonunchilik hujjatlariga amal qiladi.
5. Markaz xodimlari Odob-axloq qoidalariga rioya qilish majburiyatiga, fuqarolar esa davlat xizmatchilaridan mazkur qoidalarga mos bo‘lgan kasbiy madaniyatni talab qilish huquqiga ega.
6. Markaz xodimlarining Odob-axloq qoidalariga rioya etishi ularning faoliyati hamda xizmatdagi axloqini baholashning asosiy mezonlaridan biri hisoblanadi.
Markaz xodimlari tomonidan Odob-axloq qoidalariga rioya qilinishi holati ularni kelgusida yuqori lavozimlarga tayinlash va rahbar kadrlar zaxirasini shakllantirishda hisobga olinadi.
2. Kasbiy madaniyatga oid umumiy odob-axloq qoidalari
7. Markaz xodimlari:
- fuqarolarning jinsi, irqi, millati, fuqaroligi, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeyi kamsitilishiga olib keluvchi ta’sir choralari va harakatlar (harakatsizlik)ga yo‘l qo‘ymasligi;
- halol, adolatli va kamtar bo‘lishi, fuqarolar bilan muloqotda xushmuomala, vazmin va samimiy munosabatni namoyish qilishi;
- jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga daxldor qarorlarni qabul qilishda qonuniylikni, adolatlilikni va shaffoflikni ta’minlashi;
- davlat va jamiyat manfaatlariga zarar yetkazuvchi, davlat organlari va tashkilotlari faoliyati samaradorligini pasaytiradigan harakatlar (harakatsizlik)dan tiyilishi;
- o‘zining xatti-harakati va axloqi tufayli jamoatchilikning tanqidiga uchramaslik choralarini ko‘rishi, tanqid uchun ta’qibga yo‘l qo‘ymasligi, asosli va konstruktiv tanqiddan o‘z faoliyatidagi kamchiliklar hamda nuqsonlarni bartaraf etish yo‘lida foydalanishi;
- davlat organlari va tashkilotlari, davlat xizmatchilari va boshqa shaxslarga o‘z xizmat mavqeyidan foydalangan holda shaxsiy masalalar yuzasidan ta’sir o‘tkazmasligi;
- o‘z xizmat vakolatlarini jismoniy va yuridik shaxslarning manfaatlarini ko‘zlab bajarish yoki bajarmaslik evaziga ulardan biron-bir mukofot, foyda yoki sovg‘alar olmasligi;
- davlat mulkining but saqlanishini ta’minlashi, o‘ziga ishonib topshirilgan davlat mulkidan faqat xizmat maqsadlarida foydalanishi;
- xizmat intizomiga qat’iy rioya qilishi, ish vaqtidan oqilona va samarali foydalanishi;
- aholining davlat xizmatlari iste’molchisi sifatidagi talablariga muvofiq doimiy ravishda faoliyat sifatini oshirib borish choralarini ko‘rishi;
- qonun bilan intizomiy, ma’muriy va jinoiy javobgarlik nazarda tutilgan huquqbuzarlik va boshqa xatti-harakatlarga yo‘l qo‘ymasligi;
- kasb etikasi va ishchanlik uslubiga rioya etishi;
- siyosiy partiyalar, jamoat birlashmalari va boshqa nodavlat tashkilotlari manfaatlari yo‘lida xizmat mavqeyi va imkoniyatlaridan foydalanmasligi kerak.
8. Markaz xodimlari o‘ziga bo‘ysunuvchi xodimlardan ular mehnat vazifasini bajarayotgan paytda partiya nomidan siyosiy faoliyat bilan shug‘ullanishni talab qilishi, siyosiy partiyalar, jamoat birlashmalari va boshqa nodavlat tashkilotlari faoliyatida ishtirok etishga da’vat etishi yoki majburlashiga yo‘l qo‘yilmaydi.
3. Xizmat faoliyatiga oid odob-axloq qoidalari
9. Markaz xodimlari xizmat faoliyati davomida quyidagilarga majbur:
- O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, qonunlari va boshqa qonunchilik hujjatlariga so‘zsiz rioya etishi;
- mamlakat sha’nini e’zozlash, davlat siyosatiga sodiq bo‘lish;
- tashqi siyosat sohasida davlat manfaatlarini qat’iy himoya qilish;
- o‘z xizmat vazifalarini vijdonan, halol va yuksak professional darajada bajarish, rasmiyatchilik, soxtakorlik va suiiste’molchilikka yo‘l qo‘ymaslik;
- xizmat majburiyatlarini samarali bajarish uchun zarur bo‘lgan bilim va ko‘nikmalarni doimiy asosda oshirish;
- Markaz mansabdor shaxslarining o‘z vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlari hamda berilgan topshiriqlarni o‘z vaqtida va sifatli bajarish;
- ishlab chiqilayotgan normativ-huquqiy va boshqa hujjatlarga biron-bir shaxs, guruh yoki idoralar manfaati nuqtai nazaridan yondashmaslik hamda ularning manfaatlari ifoda etilishiga yo‘l qo‘ymaslik;
- har qanday qonun buzilishiga, ayniqsa, korrupsiya holatlariga qarshi murosasizlik bilan kurashish;
- xizmat safarlari, nazorat tadbirlari davomida mehnat faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan har qanday turdagi sarf-xarajatlarni boshqa shaxslar hisobidan amalga oshirmaslik;
- davlat xizmatchilari yoki boshqa shaxslar tomonidan jinoyat yoki boshqa huquqbuzarlik sodir etishga undovchi murojaatlar haqida, shuningdek, hamkasblari tomonidan sodir etilgan yoki tayyorgarlik ko‘rilayotgan qonun buzilishlar haqida o‘zining rahbariga zudlik bilan ma’lum qilish;
- chet el fuqarolari bilan alohida belgilangan tartibga zid ravishda bevosita yoki boshqa shaxslar orqali muloqotga kirishmaslik;
- o‘z xizmat majburiyatlarini bajarayotganda fuqarolar va boshqa shaxslarni kamsitmaslik, ularning ta’siridan saqlanish, fuqarolar huquqlari, majburiyatlari va qonuniy manfaatlarini hisobga olish;
- o‘z xizmat majburiyatlarini vijdonan bajarishga to‘sqinlik qilishi mumkin bo‘lgan xatti-harakatlardan saqlanish;
- davlat siri, qonun bilan qo‘riqlanadigan va xizmatga oid boshqa ma’lumotlarning oshkor etilmasligini ta’minlash yuzasidan barcha choralarni ko‘rish, ulardan qonunga zid ravishda foydalanmaslik;
- axborotlarni tarqatish qoidalariga rioya qilish, Internet jahon axborot tarmog‘i va axborot kommunikatsiya vositalaridan foydalanishda axborot xavfsizligini ta’minlashning belgilangan tartibiga amal qilish;
- biriktirilgan xizmat kompyuteri hamda elektron tashuvchilaridagi xizmatga oid ma’lumotlarning xavfsiz saqlanishini ta’minlash va ularni boshqa shaxslarga tarqatilishining oldini olish choralarini ko‘rish;
- ijtimoiy tarmoqlarda davlat organlari va tashkilotlari hamda mansabdor shaxslar faoliyatini muhokama qilmaslik, axloqqa zid iboralarni ishlatmaslik, mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarga nisbatan odamlarda ishonchsizlik kayfiyatini yuzaga keltirishi mumkin bo‘lgan materiallarni joylashtirmaslik;
- fuqarolar va hamkasblarining sha’ni va qadr-qimmatiga dog‘ tushiruvchi ma’lumotlar, tuhmat, ig‘vo va uydirmalarni tarqatmaslik;
- mehnat va ijro intizomi, ichki tartib qoidalariga, shuningdek, telefonda so‘zlashish va kiyinish madaniyatiga qat’iy rioya etish;
- o‘ziga ishonib topshirilgan mulkka va moliyaviy mablag‘larga ehtiyotkorlik va tejamkorlik bilan munosabatda bo‘lish;
- jamoada sog‘lom ma’naviy muhitni saqlash choralarini ko‘rish;
- jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini qonunda belgilangan tartibda hamda muddatlarda qonuniy, asosli va adolatli hal qilish;
- mehnat jamoasida ishchanlik muhitini shakllantirish va uni mustahkamlashga ko‘maklashishi;
- mehnat jamoasida hamkasblarining sha’ni va qadr-qimmatini obro‘sizlantiradigan shaxsiy va kasbiy fazilatlarini muhokama qilishdan tiyilishi kerak.
10. Rahbarlar quyidagilarga majbur:
- bo‘ysunuvidagi Markaz xodimlariga professionalizm, halollik, xolislik va adolatlilikda o‘rnak bo‘lish;
- jamoada sog‘lom ma’naviy muhit va ishchan kayfiyatni shakllantirish;
- Markaz xodimlarini qonunga xilof xatti-harakatlarni amalga oshirishga undamaslik hamda ulardan bunday harakatlarni bajarishni talab qilmaslik;
- kadrlarni mahalliychilik, urug‘-aymoqchilik, tanish-bilishchilik yoki shaxsiy sadoqat belgilari bo‘yicha tanlash, tayinlash yoki tavsiya etishga yo‘l qo‘ymaslik;
- jamoada guruhbozlik va favoritizm (ayrim xodimlarni yaqin olish va qo‘llab-quvvatlash) ko‘rinishlariga yo‘l qo‘ymaslik, shuningdek, xizmat vazifalarini bajarish jarayonida boshqa salbiy omillarning oldini olish;
- Markaz xodimlarining faoliyatiga baho berishda qonuniy, asosli va adolatli qarorlar qabul qilish;
- Markaz xodimlari tomonidan korrupsiya va boshqa suiiste’molchiliklar sodir etilishining oldini olish choralarini ko‘rish;
- bo‘ysunuvidagi Markaz xodimlarini huquqiy va ijtimoiy jihatdan himoya qilish choralarini ko‘rish;
- vakolati doirasida shartnomalar tuzish, tanlovlar o‘tkazish yoki rozilik berish masalalariga xolis, adolatli va qonuniy yondashish.
11. Rahbarlar bo‘ysunuvidagi Markaz xodimlariga qo‘pol muomalada bo‘lishi, haqorat qilishi, shaxsiyatiga tegishi, ularga asossiz tanbeh berishi yoki ayblashi hamda kamsitishi mumkin emas.
4. Xizmatdan tashqari odob-axloq qoidalari
12. Markaz xodimlari ishdan bo‘sh vaqtlarida umumqabul qilingan axloq normalariga rioya qilishlari va ularga zid bo‘lgan xulq-atvor va xatti-harakatlardan o‘zlarini tiyishlari shart.
13. Markaz xodimlari ishdan tashqari vaqtda quyidagilarga majbur:
- milliy urf-odat, qadriyat va an’analarga hurmat bilan munosabatda bo‘lish;
- dabdababozlik, shuhratparastlik, guruhbozlik, maishatbozlik, ichkilikbozlik va boshqa salbiy illatlarga yo‘l qo‘ymaslik;
- rasmiy e’lon qilingan ma’lumotlardan tashqari davlat xizmati faoliyatiga oid masalalarni muhokama qilmaslik;
- jamoat joylarida (kafe, restoran va boshqa ko‘ngilochar maskanlarda) o‘zini tutish qoidalariga rioya etish, atrofdagilarning e’tiborini tortuvchi ortiqcha va salbiy harakatlarga yo‘l qo‘ymaslik;
- jamoat tartibi va xavfsizligiga qarshi qaratilgan xatti-harakatlarni sodir etmaslik, mazkur noqonuniy harakatlarga boshqalarni jalb etmaslik yoki da’vat qilmaslik;
- xizmat majburiyatlarini bajarish bilan bog‘liq bo‘lgan idora va tashkilotlar rahbar va xodimlaridan, boshqa mansabdor shaxslaridan qimmatbaho sovg‘a olmaslik;
- xizmat guvohnomalarini saqlash va foydalanish tartibiga qat’iy rioya etish, ulardan xizmatga aloqador bo‘lmagan holatlarda foydalanmaslik, shu jumladan, vakolatli shaxslarga xizmat guvohnomasini ko‘rsatib, mavqeyini suiiste’mol qilmaslik;
- xizmat avtotransport vositalaridan xizmat faoliyatidan tashqari holatlarda shaxsiy va boshqa maqsadlarda foydalanmaslik;
- ish faoliyati bilan bog‘liq ma’lumotlarni ishga aloqador bo‘lmagan boshqa shaxslar ishtirokida muhokama qilmaslik;
- shaxsiy transport vositalaridan foydalanishda belgilangan tartibga amal qilish, yo‘l harakati qoidalariga qat’iy rioya etish;
- tadbirkorlik yoki haq to‘lanadigan boshqa faoliyat bilan (pedagogik, ilmiy va ijodiy faoliyatdan tashqari) shug‘ullanmaslik, O‘zbekiston Respublikasi qonunlari va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarorlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno;
- Markaz faoliyatiga dog‘ tushiruvchi xatti-harakatlardan tiyilish;
- tashqi ko‘rinishini belgilangan me’yorlar doirasida saqlash, kamtarona kiyinish, atrofdagilarning e’tiborini o‘ziga ortiqcha jalb qiladigan tarzda kiyinmaslik.
5. Jamoatchilik, ommaviy axborot vositalari vakillari bilan munosabatlarga oid odob-axloq qoidalari
14. Markaz xodimlari ommaviy axborot vositalari bilan o‘zaro hamkorlik qilishi, Markaz faoliyatini ommaviy axborot vositalarida yoritilishiga ko‘maklashishi kerak.
15. Davlat siyosati yoki Markaz faoliyati to‘g‘risidagi ommaviy bayonotlar Markaz direktori yoki mazkur yo‘nalish bo‘yicha vakolatli mansabdor shaxs tomonidan amalga oshiriladi.
16. Quyidagi hollarda ommaviy bayonot berilishi mumkin emas:
- ommaviy bayonot matni va mazmuni davlat siyosati yoki Markaz faoliyatiga aloqador bo‘lmasa;
- ommaviy bayonotda keltiriladigan axborotlar davlat sirlari bilan bog‘liq bo‘lsa;
- ommaviy bayonot boshqa davlat organlari va tashkilotlari nufuzini pasaytirish yoki ularning mansabdor shaxslarini kamsitishga yo‘naltirilgan bo‘lsa.
17. Markazda jamoatchilik nazoratini ta’minlash maqsadida jamoatchilik tomonidan Markaz faoliyatiga oid ayblov yoki tanqid bildirilgan taqdirda, Markaz unga nisbatan bildirilgan ayblov yoki tanqidga ommaviy izoh yoxud raddiya berishi lozim.
18. Agar ommaviy bayonotda fuqarolarning sha’ni hamda qadr-qimmatini kamsitadigan iboralar bo‘lsa, davlat xizmatchisi o‘z fikrlarining yanglishligi yoki noto‘g‘riligini tan olishi hamda sha’ni, qadr-qimmatiga va ishchanlik obro‘siga daxl qilingan fuqarodan, agar qonun hujjatlarida boshqa oqibatlar nazarda tutilmagan bo‘lsa, kechirim so‘rashi shart.
6. Xizmat faoliyatidagi tashqi ko‘rinish va kiyinish uslubiga oid odob-axloq qoidalari
19. Markaz xodimlarining xizmat faoliyatidagi tashqi ko‘rinishi va kiyinish uslubi fuqarolarning Markaz faoliyatiga hurmatini, shu jumladan davlat xizmatining nufuzini oshirishga xizmat qilishi kerak.
20. Markaz xodimlarining tashqi ko‘rinishi mehnat sharoitlari va xizmat turiga qarab, xizmat majburiyatlarini bajarishi vaqtida fuqarolarning davlat tashkilotiga nisbatan hurmat bilan munosabatda bo‘lishiga ko‘maklashishi, umumiy qabul qilingan ish uslubiga muvofiq bo‘lishi va rasmiylik, xolislik, kamtarlik va intizomni namoyon etishi lozim.
21. Markaz xodimlarining ish joyida tashqi ko‘rinishi va kiyinish uslubiga oid qo‘shimcha talablar idoraviy odob-axloq qoidalari hamda ichki mehnat tartibida belgilanishi mumkin.
7. Manfaatlar to‘qnashuvi
22. Markaz xodimlari mansab yoki xizmat majburiyatlarini bajarish vaqtida manfaatlar to‘qnashuviga olib keladigan yoki olib kelishi mumkin bo‘lgan shaxsiy manfaatdorlikka yo‘l qo‘ymasligi kerak.
23. Manfaatlar to‘qnashuvi yuzaga kelgan taqdirda xodimlar o‘zining rahbarini darhol xabardor qilishi shart.
Manfaatlar to‘qnashuvi mavjudligi to‘g‘risida ma’lumotlar olgan rahbar bu to‘qnashuvning oldini olish yoki uni bartaraf etish yuzasidan o‘z vaqtida choralar ko‘rishga majbur.
8. Davlat xizmatchilarining manfaatini himoya qilish
24. Markaz xodimlarini xizmat vazifalarini bajarish bilan bog‘liq tahdid, haqorat, tuhmat va qonunga xilof boshqa xatti-harakatlardan himoya qilish Markaz direktori tomonidan amalga oshiriladi.
25. Zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarishga to‘sqinlik qilish, jinoyat yoki boshqa huquqbuzarlik sodir etishga og‘dirishga qaratilgan murojaatlar, shuningdek, hamkasblari tomonidan sodir etilgan yoki sodir etishga tayyorgarlik ko‘rilayotgan qonun buzilishlar haqida xabar bergan xodimlarni vujudga kelishi mumkin bo‘lgan tahdid va xavf-xatarlardan himoya qilish choralari ko‘riladi.
9. Odob-axloq qoidalariga rioya etilishini nazorat qilish
26. Markaz xodimlari tomonidan odob-axloq qoidalariga rioya etilishi ustidan nazorat Kadrlar bo‘limi yoki Odob-axloq komissiyasi tomonidan amalga oshiriladi.
27. Markazda lavozimga tayinlangan Markaz xodimlari Kadrlar bo‘limi tomonidan mazkur Odob-axloq qoidalari bilan tilxat asosida imzo qo‘ydirgan holda tanishtiriladi.
28. Mazkur Odob-axloq qoidalarini buzish holatlari bo‘yicha xizmat tekshiruvi Markaz direktorining ko‘rsatmasiga muvofiq Odob-axloq komissiyasi tomonidan o‘tkaziladi.
Xizmat tekshiruvini o‘tkazish tartibi Markaz tomonidan belgilanadi.
10. Odob-axloq qoidalariga rioya etmaganlik uchun javobgarlik
29. Markaz xodimlari tomonidan Odob-axloq qoidalariga rioya etmaganlik holati ularga nisbatan axloqiy va intizomiy ta’sir choralarini qo‘llash uchun asos bo‘ladi.
30. Odob-axloq qoidalariga rioya etmaganlik uchun Odob-axloq komissiyasi tomonidan Markaz xodimlariiga quyidagi axloqiy ta’sir choralari qo‘llaniladi:
- ogohlantirish;
- uzr so‘rash yoki rasmiy uzrnoma keltirishni talab qilish;
- Markazning kollegial yig‘ilishlarida tanbeh berish.
31. Odob-axloq komissiyasi Markaz xodimlariga nisbatan intizomiy ta’sir chorasini qo‘llash uchun Markaz direktoriga taqdimnoma kiritishi mumkin.
Odob-axloq komissiyasi odob-axloq qoidalari Markaz direktori tomonidan buzilgan taqdirda, ularga nisbatan tegishli chora ko‘rish masalasi yuzasidan takliflarni yuqori turuvchi davlat organi va tashkiloti rahbariga yuboradi.
32. Markaz xodimlarining Odob-axloq qoidalarini buzishi ularni qonunga muvofiq intizomiy va boshqa javobgarlikka tortish uchun asos bo‘ladi.
11. Yakuniy qoida
33. Markaz faoliyatining o‘ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqqan holda mazkur Odob-axloq qoidalariga belgilangan tartibda o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilishi mumkin.