O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida loyiha boshqaruvi tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2017-yil 29-avgustda PQ-3245-son qarori tasdiqlangan. Qarorga asosan, “Xavfsiz shahar” yagona apparat-dasturiy kompleksini yaratish vazifasi belgilangan bo‘lib, dasturda zamonaviy texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha xalqaro tajribani o‘rganish va tahlil qilish hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining Axborot xavfsizligi va jamoat tartibini ta’minlashga ko‘maklashish markazi faoliyatini tashkil etish vazifasi belgilangan hamda “Xavfsiz shahar” yagona apparat-dasturiy kompleksini yaratish bo‘yicha bosqichma-bosqich chora-tadbirlar dasturi tasdiqlangan.
Markaz 2022-yil oktyabr oyida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining “Xavfsiz shahar” jamoat tartibiga ko‘maklashish markazi Ichki ishlar vazirligi tizimiga o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ““Xavfsiz shahar” yagona integratsiyalashgan tizimlarini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 2023-yil 28-sentyabrda tasdiqlangan PQ–318-son qarori bilan Ichki ishlar vazirligining “Xavfsiz shahar” jamoat tartibiga ko‘maklashish markazi” davlat muassasasi Ichki ishlar vazirligining “Xavfsiz shahar” tizimlarini rivojlantirish markazi” davlat muassasasi etib qayta nomlandi. Qarorga asosan, “Xavfsiz shahar” tizimlarini yaratish va rivojlantirish konsepsiyasi tasdiqlanib, respublikada “Xavfsiz shahar” tizimlarini yaratish va rivojlantirish manzilli yillik dasturlar ishlab chiqildi.
«Xavfsiz shahar» loyihasining amalga oshirilishi O‘zbekistonning axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi interfaol rivojlanish yo‘lida va mamlakatimizning jahon hamjamiyatida keng integrallashuvida barqaror va izchil taraqqiy etishi uchun mustahkam poydevor yaratishga qaratilgan. Shu bois, rejalashtirilgan siyosiy tadbirlar va vazifalarni amalga oshirishda Markaz qanchalik jiddiy va maqsadli ravishda intilishi, butunlay mamlakatimiz va xalqimiz farovonligini belgilab beradi.
“Xavfsiz shahar” tizimlarini rivojlantirish markazining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
-ichki ishlar organlari, davlat organlari va boshqa tashkilotlarning axborot tizimlari o‘zaro aloqasini, videokuzatuv tizimlarini, huquqbuzarliklarni aniqlash, obyektlarni muhofaza qilish, ehtimoliy tahdidlarni tezkor aniqlash va ogohlantirish, intellektual tahliliy datchiklarni aniqlash, shuningdek, jinoyatchilikni oldini olish;
-jamoat xavfsizligini ta’minlash, jinoyatchilikka qarshi kurashish va favqulodda vaziyatlarning oldini olish faoliyatiga ilg‘or axborot texnologiyalarini keng joriy etish va jamoat xavfsizligi tizimini raqamlashtirish orqali zamonaviy shakl va ish usullarini joriy etish;
-hududlarda situatsion-tahliliy intellektual tizimlarni yaratish va rivojlantirish;
-jamoat xavfsizligini monitoring qilish tizimlarining hududiy infratuzilmasini rivojlantirishga ko‘maklashish;
-jamoat xavfsizligini ta’minlash, jinoyatchilikka qarshi kurashish va favqulodda vaziyatlarning oldini olish;
-“Xavfsiz shahar” tizimlarini joriy etish, foydalanish hamda texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha mahalliy davlat, ichki ishlar va milliy gvardiya organlari xodimlarini o‘qitish va malakasini oshirish;
-aholi va hududlarni tabiiy va texnogen favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish, jamoat xavfsizligi, qonun va tartib buzilishi, yong‘in, yo‘l va ekologik xavfsizlikni ta’minlash, shuningdek uy-joy kommunal xo‘jaligi va ular bilan o‘zaro aloqador avtomatlashtirilgan tizimlarni o‘z ichiga olgan boshqa tarqalgan obyektlarni boshqarish sohasidagi vazifalarni hal qilish.
«Xavfsiz shahar loyihasi mamlakatimiz aholisi hayotining barcha sohalarida innovatsion yechimlar joriy etishni rejalashtirmoqda. «Xavfsiz shahar» jamoat tartibiga ko‘maklashish markazi xodimlari katta g‘ayrat bilan aholining xavfsizligini ta’minlash, ularning hayoti va faoliyati uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, mamlakatning sayyohlik va investitsion jozibadorligini oshirish bo‘yicha ishlarni va ulkan vazifalarni mas’uliyat bilan amalga oshirishga bel bog‘lagan.