Hududlarda aholi muammolarini aniqlash va hal etish, kriminogen vaziyatni yanada barqarorlashtirish boʻyicha Ichki ishlar organlari, mutasaddi idoralar hamda jamoat tashkilotlarining hamkorlikdagi faoliyati samaradorligini baholash yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining topshirigʻiga asosan oʻrganish ishlari olib borilmoqda.
Oʻrganishlar jarayonida asosiy eʼtibor aholining dolzarb ijtimoiy-maishiy muammolarini aniqlash va joyida bartaraf etishda sektor rahbarlarining tashabbuskorligi, “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyili asosida mahalla fuqarolar yigʻini raisi, profilaktika inspektori, hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli va yoshlar yetakchisi tomonidan osoyishtalikni taʼminlash, aholi muammolarini hal etish boʻyicha yangicha ishlash tizimini amaliyotga keng tatbiq etilishiga qaratilmoqda.
Shuningdek, yoshlarning boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, fuqarolarning bandligini taʼminlash, doimiy daromad manbaini yaratish, isteʼmol bozorlarida oziq-ovqat mahsulotlarining narx-navosini barqarorligini taʼminlash va ularning zaxirasini yaratish boʻyicha amalga oshirilgan ishlar koʻzdan kechirilmoqda.
Xususan, ishchi guruh rahbari Amudaryo tumanida sektor rahbarlari tomonidan amalga oshirilgan ishlar bilan yaqindan tanishdi. Tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar tahlil qilinib, yoʻl qoʻyilgan kamchiliklarni tez fursatda bartaraf etish boʻyicha topshiriqlar berildi. Shundan soʻng Amudaryo tuman Ichki ishlar boʻlimi hamda Nukus shahar Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi maʼmuriy binosida fuqarolar va xodimlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishildi.
Yoshlarning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish, Informatsion texnologiyalarga keng jalb qilish dolzarb masala hisoblanadi. Ishchi guruh masʼullari Nukus shahrida joylashgan “IT PARK” faoliyati bilan yaqindan tanishib, oʻquvchilar va ustozlar uchun yaratilgan qulayliklar yuzasidan suhbatlashildi. Uzoq yillardan beri Qoraqalpogʻiston Respublikasida yashab kelayotgan lekin fuqaroligi boʻlmagan uch nafar shaxsga Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligi hamda toʻrt nafar 16 yoshga toʻlgan yoshlarga Shu yerning oʻzida ID-kartalar tantanali ravishda topshirildi.
Qayta rekonstruksiya qilinib foydalanishga topshirilish arafasida turgan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligiga qarashli Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam koʻrsatish markazi faoliyati, taʼmirlash ishlarining sifat darajasi koʻzdan kechirildi. Maʼlumot oʻrnida aytish kerakki markazga joriy yilning besh oyi mobaynida 55 nafar voyaga yetmaganlar joylashtirilgan.
Oʻrganish ishlari keng koʻlamda olib borilmoqda, Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi, Bosh prokuratura, Bosh prokuratura huzuridagi Departament, Soliq qoʻmitasi, Adliya vazirligi, Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligining respublika darajasidagi rahbarlari hamda Ichki ishlar vazirligining sohaviy xizmat rahbarlaridan iborat ishchi guruhlar Qoraqalpogʻiston Respublikasining barcha tuman-shaharlarida boʻlib, berilgan topshiriqlarning amaliy ijrosini taʼminlamoqda.
Ichki ishlar vazirining oʻrinbosari, polkovnik Toʻraxoʻjayev Najmiddin Sadirovich Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tizimida Informatsion texnologiyalarni keng jalb etish, ish jarayonlarini raqamlashtirish darajasini oshirish, “Smart mahalla” tizimini tez va sifatli yoʻlga qoʻyish boʻyicha Qoraqalpogʻiston tajribasini yaratish yuzasidan masʼullarga topshiriqlar berdi.
Shuningdek, vazir oʻrinbosari Amudaryo, Taxiatosh va Xoʻjayli tumanlari Ichki ishlar boʻlimi faoliyati bilan tanishib, xodimlar oʻrtasida xizmat intizomi va qonuniylikka rioya etilishi boʻyicha suhbatlar oʻtkazdi. Mahalla beshliklarining hamkorlikdagi faoliyati tahlil qilindi.
Respublika Yoʻl harakati boshqarmasi hamda Jamoat tartibini saqlash va Patrul-post boshqarmalarida tashkil etilgan situatsion markaz faoliyati oʻrganildi. Markaz faoliyatining samaradorligini oshirish maqsadida xodimlar doimiy ravishda oʻz ustilarida ishlashlari kerakligi taʼkidlab oʻtildi.
Ishchi guruh aʼzolari Beruniy, Ellikqalʼa, Kegeyli tumanlari Ichki ishlar boʻlimi faoliyati bilan yaqindan tanishildi. Mahallalardagi beshliklarning hamkorlikdagi faoliyati tahlil qilinib, yangicha ish usullari boʻyicha tushunchalar berildi. Mahallalarning aholi soni, ijtimoiy ahvoli, mahallada beshlik bilan hamkorlikda 2023-yil 30-mart kungi Qoʻshma qaror boʻyicha profilaktika inspektori tomonidan mahallada jinoyat qilishga moyil va undan jabrlanish ehtimoli yuqori boʻlgan shaxslarni aniqlab, mahalla beshligiga taqdim qilgan xulosalari boʻyicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan suhbat oʻtkazildi.
Oʻrganishlar davomida masʼullar Beruniy tumanida Axborot resurslar markazi “RAYHON APPAREL” masʼuliyati cheklangan jamiyatining tayyor kiyim-kechak ishlab chiqarish fabrikasi hamda “Beruniy agrobiznes tomorqa xizmat” masʼuliyati cheklangan jamiyati faoliyati bilan tanishdilar. Shundan soʻng gʻalla oʻrimidan keyin boʻsh turgan yer maydonlarni ishsiz yoshlarga oʻzlarini ish bilan band qilish maqsadida taqsimlab berish amaliyoti koʻzdan kechirildi. Oʻrganishlar doirasida Abu Rayhon Beruniy tavalludining 1050-yilligiga bagʻishlangan tadbir, “Zukko kitobxon” hamda “Biz giyohvandlikka qarshimiz” nomli tadbirlar tashkil etildi.
Ellikqalʼa tumanidagi oʻrganishlar jarayonida esa “Navoiy” ovul fuqarolar yigʻinida tashkil qilingan Huquq tartibot maskani faoliyati tanishilib, profilaktika inspektori kapitan Rashid Atabayevning xizmat uyida yaratilgan sharoitlar koʻzdan kechirildi. Profilaktika inspektorining oila aʼzolari bilan suhbatlashilib, zaruriy uy jihozlari sovgʻa sifatida taqdim etilishi kelishib olindi.
Keyingi manzil Kegeyli tumani Xalqabad shaharchasida joylashgan Axborot kutubxona markazi boʻldi. Markazda kitobxon yoshlar bilan suhbatlar oʻtkazilib, kutubxonaga Ichki ishlar vazirligi jamgʻarmasi hisobidan kitoblar sovgʻa etilishi taʼkidlab oʻtildi. Tumanning Aqtuba ovul fuqarolar yigʻini hududida joylashgan hushyorxonada yaratilgan sharoitlar bilan tanishilib, shifokorlar xonasi, alohida ayollar va erkaklar xonalari tashkil etilganligi hamda videokuzatuv kameralari oʻrnatilganligi, Milliy gvardiya xodimlari tomonidan shartnoma asosida qoʻriqqa olinganligi yuzasidan suhbatlashildi.
Ishchi guruhning Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi oʻrganishlari davom etmoqda.
manbaa: iiv.uz rasmiy sayti