Ichki ishlar vazirining axborot texnologiyalari bo‘yicha o‘rinbosari, polkovnik Zufar Kamilevich Kurbanov raisligida «Xavfsiz shahar» tizimlarini joriy etishda hamkorlikni tashkil etish yuzasidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Toshkent shahri va viloyat hokimliklari, vazirlik, idora va tashkilotlar vakillaridan iborat idoralararo ishchi guruh yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Xavfsiz shahar” yagona integratsiyalashgan tizimlarini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida amalga oshirilgan ishlar muhokama qilindi.
Ta’kidlash lozim, loyiha doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri, Andijon, Farg‘ona, Toshkent, Jizzax, Samarqand, Qashqadaryo, Surxondaryo, Navoiy, Buxoro va Xorazm viloyatlarida “Xavfsiz shahar” tizimining yagona apparat-dasturiy platformasi ma’lumotlarni saqlash va qayta ishlash server qurilmalari o‘rnatilib, sinov tariqasida ishga tushirildi va serverga hududlardagi mavjud videokuzatuv qurilmalarini integratsiyalash ishlari bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.
Shuningdek, “Xavfsiz shahar” loyihasi doirasida belgilangan obyektlarda 9 217 dona kamera o‘rnatilib, shundan 7 191 donasi integratsiya qilindi. Ular aylanma (PTZ), intellektual videokuzatuv, avtotransport davlat raqamini hamda to‘xtash va to‘xtab turish qoidabuzarlikni aniqlovchi, tezlikni o‘lchovchi kameralar hisoblanadi.
Yig‘ilish yakunida Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari tomonidan muhokama etilgan masalalar yuzasidan mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi.