Ichki ishlar vaziri general-leytenant Poʻlat Bobojonov boshchiligidagi ishchi guruh tomonidan Toshkent shahrining Sirgʻali, Yangihayot va Bektemir tumanlarida ichki ishlar organlari tomonidan jamoatchilik bilan hamkorlikda tungi vaqtlarda tashkil etilayotgan ishlar oʻrganildi

Xavfsiz shahar markazi > Yangiliklar > Vazirlik yangiliklari > Ichki ishlar vaziri general-leytenant Poʻlat Bobojonov boshchiligidagi ishchi guruh tomonidan Toshkent shahrining Sirgʻali, Yangihayot va Bektemir tumanlarida ichki ishlar organlari tomonidan jamoatchilik bilan hamkorlikda tungi vaqtlarda tashkil etilayotgan ishlar oʻrganildi

Avval xabar berganimizdek, yurtimizda kriminogen vaziyatni yaxshilash hamda mahallalarda osoyishtalikni taʼminlash boʻyicha Davlat rahbarining topshiriqlari hududlarda tizimli ravishda ijroga qaratilmoqda.

Ushbu vazifalarni bajarilishini nazoratga olish maqsadida Ichki ishlar vaziri rahbarligidagi idoralararo ishchi guruh tomonidan poytaxtning Sirgʻali, Yangihayot va Bektemir tumanlarida ichki ishlar boʻlimlari shaxsiy tarkibi tomonidan jamoatchilik bilan hamkorlikda tungi vaqtlarda tashkil etilayotgan ishlar, hududiy elektr tarmoqlari korxonalari, tez-tibbiy yordam maskanlari faoliyati va bozorlarda tatbiq etilayotgan xavfsizlik choralari oʻrganildi.

Xususan, Sirgʻali tumani 3-sonli IIBda tungi navbatchilik smenasi hamda “Hamkor” maxsus reydga jalb etilgan shaxsiy tarkib xizmati bilan tanishildi. Ichki ishlar boʻlimiga qarashli maʼmuriy hududda joylashgan 13 ta mahallalarda jinoyatlarning barvaqt profilaktikasiga qaratilgan ishlar tizimli ravishda amalga oshirilayotgani natijasida, hududda kriminogen vaziyat 26 foizga yaxshilangani eʼtirof etildi. Shu bilan birga “qizil” toifada qolayotgan “Mehrigiyo” mahallasida muammolarni yangi “ijtimoiy profilaktika” tizimi yordamida hal etish zarurligi boʻyicha tegishli koʻrsatmalar berildi.

Jarayonda Sirgʻali tumani elektr tarmoqlari korxonasida tashkil etilgan tungi navbatchilik faoliyati, yuzaga kelgan elektr taʼminotidagi nosozliklar va ularni bartaraf etish boʻyicha koʻrilayotgan choralar bilan tanishildi, korxonada zarur uskuna va elektr jihozlarini zaxirasini yaratish masalalariga eʼtibor qaratildi.

Shuningdek, Milliy gvardiyaning Sirgʻali tumani Qoʻriqlash boʻlimi faoliyati oʻrganildi. Ishchi guruhga hududda korxonalar, shaxsiy xonadonlar hamda oʻquv maskanlarini qoʻriqlash tizimiga ulanganligi, videokuzatuv qamrovi kengaytirilganligi hamda xodimlarning “Tashvish” signali boʻyicha maxsus oʻquv-taktik mashgʻuloti va harakatlar rejasi namoyish etildi.

Tadbir davomida, Yangihayot tumani 2-sonli IIBning tungi xizmatga jalb etilgan shaxsiy tarkibi xizmati bilan tanishildi. Maʼmuriy hududda joylashgan 7 ta mahallalarda kriminogen vaziyatning barqarorligi taʼminlanib kelayotganligi taʼkidlandi. Mazkur ijobiy tajribalarni boshqa tuman IIBlariga tatbiq etish, bunda huquq-tartibot idoralari xodimlari va jamoatchilik vakillari ishtirokida kriminogen ogʻir mahallarga tungi navbatchilikka jalb etilgan zarur kuch va vositalar taqsimlanib, aholi bilan toʻgʻridan-toʻgʻri muloqotni yoʻlga qoʻyish, aniqlangan muammolarini joyida bartaraf etish boʻyicha vazifalar belgilab olindi.

Ishchi guruh tomonidan Bektemir tumani 4-son IIBda shaxsiy tarkibning xizmat jarayoni ham oʻrganildi. Bektemir tumanida sodir etilayotgan jinoyatlar soni 7,5 foizga kamayishiga erishilgan boʻlsada, ularning ayrim turlarini oshib ketishiga yoʻl qoʻyilgani qattiq tanqid qilindi. Tumanda kriminogen vaziyatni jilovlash maqsadida tungi vaqtda mahallalarda huquqbuzarlikni barvaqt oldini olish, hisobda turgan shaxslar, notinch oilalar hamda uyushmagan yoshlar bilan “xonadonbay” va “fuqarobay” ish tashkil etish, yoʻllarda osoyishtalik, piyodalar xavfsizligini taʼminlash hamda jinoyatlarning sabab va omillarini tizimli va ilmiy tahlillar orqali aniqlab, kelgusida ularning barvaqt oldini olish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Bektemir tumanida joylashgan “Toshkent qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ulgurji bozori”da tatbiq etilayotgan xavfsizlik choralari, aholi va tadbirkorlar uchun yaratilgan sharoitlar, hududda jamoat tartibini saqlashga biriktirilgan Ichki ishlar organlari va Milliy gvardiya xodimlarining faoliyati oʻrganildi. Tadbir jarayonida asosiy eʼtibor, xizmatni tizimli ravishda masʼuliyat va hushyorlik bilan tashkil etishga qaratilib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi hamda ijrosi nazoratga olindi.

Ishchi guruh aʼzolari tomonidan namunaviy tajribalarni amalga tatbiq etish boʻyicha vazifalarning ijrosini oʻrganish ishlari boshqa tumanlarda ham davom etmoqda.

manbaa: iiv.uz rasmiy sayti.

Agar saytdan imlo xatolarini topsangiz, matnni tanlab, Ctrl+Enter tugmalarini bosib bizga xabar bering!

Subscribe to our Telegram channel!

Spelling error report

The following text will be sent to our editors: