Mazkur vazifalarning ijrosini taʼminlash maqsadida Ichki ishlar vaziri general-leytenant Poʻlat Bobojonov boshchiligidagi ishchi guruh tomonidan Toshkent shahrining Yashnobod, Mirobod va Yakkasaroy tumanlari ichki ishlar boʻlimlari shaxsiy tarkibi tomonidan jamoatchilik bilan hamkorlikda tungi vaqtlarda tashkil etilayotgan ishlar oʻrganildi.
Tumanlarda kriminogen vaziyatni yaxshilash borasidagi ijobiy tajribalar “qizil” toifaga tushgan mahallalarning oʻziga xos xususiyatlaridan kelib chiqib tashkil qilinmoqda.
Jinoyatlarning aksariyati tungi vaqtlarda sodir etilishi hisobga olinib, huquq-tartibot idoralari xodimlari va jamoatchilik vakillari ishtirokida kriminogen ogʻir mahallarga tungi navbatchilikka jalb etilgan zarur kuch va vositalar taqsimlanib, muammolar mahallalarni oʻzida yechishga alohida eʼtibor berilmoqda.
Amalga oshirilayotgan ijobiy ishlar natijasida Yashnobod tumani 4-sonli IIB tasarrufidagi maʼmuriy hududda jinoyatlar soni 17 foizga kamaygani hamda 6 ta mahallada umuman jinoyat sodir etilmagani alohida eʼtirof etildi.
Mazkur ijobiy tajribalarni boshqa tuman IIBlariga tadbiq etish, tungi vaqtda mahallalarda huquqbuzarlikni barvaqt oldini olish, hisobda turgan shaxslar, notinch oilalar hamda uyushmagan yoshlar bilan “xonadonbay” va “fuqarobay” ish tashkil etish, yoʻllarda osoyishtalik, piyodalar xavfsizligini taʼminlash hamda jinoyatlarning sabab va omillarini tizimli va ilmiy tahlillar orqali aniqlab, kelgusida ularning barvaqt oldini olish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Shuningdek ishchi guruh aʼzolari Yashnobod tumani “Katta Qoʻyliq” mahallasidagi “Arbait” MCHJda fuqarolarni mavsumiy va kundalik ish bilan taʼminlash faoliyati bilan tanishdilar. Markazda yaratilgan sharoitlarni boshqa tumanlarda ham amaliyotga tadbiq etish boʻyicha tegishli vazifalar belgilab olindi.
Oʻrganishlar jarayonida Toshkent shahar IIBB Jamoat xavfsizligi boshqarmasiga qarashli Reabilitatsiya markazida yaratilgan sharoitlar, Mirobod tumani FVV Yongʻin xavfsizligi boshqarmasi navbatchi smenasining xizmatga shayligi hamda Yakkasaroy tumanida joylashgan Toshkent shahar issiqlik elektr markazi “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ faoliyati oʻrganildi.
Tadbir jarayonida asosiy eʼtibor, xizmatni tizimli ravishda masʼuliyat va hushyorlik bilan tashkil etishga qaratilib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan tegishli topshiriqlar berilib, ijrosi nazoratga olindi.
Namunaviy tajribalarni amalga tadbiq etish boʻyicha vazifalarning ijrosini oʻrganish ishlari boshqa tumanlarda ham davom etmoqda.
manbaa: iiv.uz rasmiy sayti.