QALQON|"VAZIFALAR ULKAN VA MAS’ULIYATLI" Mazkur maqolada “Xavfsiz shahar” tizimlarini rivojlantirish markazi tomonidan amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida so‘z yuritilgan.

Xavfsiz shahar markazi > Yangiliklar > Markaz yangiliklari > QALQON|»VAZIFALAR ULKAN VA MAS’ULIYATLI» Mazkur maqolada “Xavfsiz shahar” tizimlarini rivojlantirish markazi tomonidan amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida so‘z yuritilgan.

Tinchlik va osoyishtalik hukm surgan joyda odamlar o‘zini xotirjam his qiladi. Farzandlar kamoli, orzu umidlar ro‘yobi ham ana shu bebaho ne’mat tufayli. Ishdagi unum-baraka ham, turmushdagi farovonlik ham shundan. Qolaversa, tartib bor joyda taraqqiyot bo‘ladi. Bu esa «Xavfsiz shahar» tizimining nechog‘lik ahamiyatli ekanini yana bir bor ko‘rsatadi. Bugun mamlakatimizda joriy etilayotgan «Xavfsiz shahar» loyihasining asosiy vazifasi aholining hayoti va sog‘lig‘i bilan bog‘liq xavfsizlikni ta’minlash, osoyishtalik va taraqqiyotni asrashdir.

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Toshkent shahri va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda 2024-yili hududlarda «Xavfsiz shahar» yagona integratsiyalashgan tizimini yaratish va rivojlantirish yuzasidan yillik manzilli dastur ishlab chiqildi. Dastur ijrosi doirasida hududlarda tizimni joriy qilish uchun bosqichma-bosqich qurilmalar xarid qilinyapti hamda belgilangan manzillarda o‘rnatilib, ishga tushirilmoqda.Mahallalardagi ko‘p qavatli uylar, ta’lim tashkilotlari, sog‘liqni saqlash muassasalari hamda ularga kirish-chiqish joylarida intellektual videokuzatuv kameralari o‘rnatilib, mahalla huquq-tartibot maskanlari (ichki ishlar organlarining tayanch punktlari) axborot tizimiga integratsiya qilinmoqda. Jamoat joylarida shaxsni yuzidan tanib olish kameralari, «tashvish tugmalari»ni o‘rnatish hamda ularni hududiy ichki ishlar organlari va milliy gvardiya bo‘linmalarining axborot tizimi bilan integratsiya qilish bo‘yicha ishlar bajarilmoqda.Shuningdek, shahar va tumanlarda yong‘in xavfsizligi, ekologik, seysmologik, gidrometeorologik vaziyatni monitoring qilish tizimlarini «Xavfsiz shahar» tizimiga integratsiyalash, yo‘llarda harakat xavfsizligini raqamli boshqarishda yo‘l harakati monitoringini tashkil qilish, transport vositasining davlat raqami belgilarini aniqlashda intellektual foto va video qayd etish integratsiyalashgan tizimlarini joriy etish ko‘zlangan.«Xavfsiz shahar» loyihasi to‘liq joriy etilgandan so‘ng tizimlar orqali jinoyatchilik 30—40 foizgacha kamayishiga, foto-video materiallar yordamida jinoyatlarning 40—50 foizgacha fosh etilishiga erishiladi. Videokuzatuv tizimi tun-u kun uzluksiz onlayn rejimda ishlaydi. Har bir kamera orqali olingan video ma’lumotlar belgilangan talab asosida 30 sutka davomida saqlanadi. Bu ma’lumotlardan keyinchalik huquqbuzarliklarni tergov qilish va dalillar to‘plashda foydalanish mumkin.Mamlakatimizga kirish-chiqish tartib-taomillari soddalashtirilgani tufayli yurtimizga kelayotgan sayyohlar soni yildan-yilga ortayotir. Sayohatga otlangan kishi, avvalo, o‘zi borayotgan mamlakat haqida internetdan ma’lumot izlaydi. Hayoti va salomatligi xavfsiz bo‘lishiga ishonch hosil qilgachgina ko‘zlangan manzil sari yo‘l oladi. Yurtimizda «Xavfsiz turizm» tamoyili yo‘lga qo‘yilayotgani tinchliksevar va mehmondo‘st xalqimiz xohish irodasini yorqin ifoda etayotir.Davlatimiz rahbari o‘tgan yil oktyabrda Jahon turizm tashkiloti Bosh Assambleyasining Samarqandda bo‘lib o‘tgan 25-sessiyasida so‘zlagan nutqida «Global turizmning eng dolzarb muammosi – bu turistlarning kafolatlangan xavfsizlik tizimini ta’minlashdir», deya ta’kidlagan edi. Xalqaro turizm amaliyotiga ko‘ra, sayohatchilar ko‘payishi va sayohat geografiyasi kengayishi bilan xavfsizlik choralariga rioya qilish zarurati ham keskin ortadi. Xo‘sh, mamlakatimizda sayyohlar xavfsizligini ta’minlash maqsadida qanday ishlar bajarilmoqda?Masalan, Toshkent viloyati IIBB Xavfsiz turizmni ta’minlash boshqarmasi xodimlari sayyohlik obyektlari va ularga tutash hududlarda jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, turistlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish yo‘lida qator ishlarni bajarmoqda. Viloyatning Bo‘stonliq tumani «Chorvoq» erkin turistik zonasida «Xavfsiz turizm» loyihasi doirasida 134 ta obyektning videokuzatuv kameralari Vaziyatlar markaziga integratsiya qilindi.Shu bilan birga, yo‘llarda tirbandliklarning oldini olish uchun noqonuniy to‘xtash va to‘xtab turish qoidabuzarliklarini aniqlovchi, tezlikni o‘lchovchi radar, avtotransport oqimini hisoblovchi va davlat raqamini aniqlovchi foto-video qayd etish hamda yong‘indan xabar beruvchi intellektual videokuzatuv qurilmalari o‘rnatilib, foydalanishga topshirildi. Bu sa’y-harakatlar sayyohlar xavfsizligini, jamoat tartibini ta’minlash, yo‘l harakati qoidalari buzilishining oldini olish, voqea-hodisalarni uzluksiz kuzatib borish, muammoni bevosita boshlang‘ich nuqtasidan bartaraf etishga xizmat qiladi.Turizm sohasida xizmatlar ko‘rsatuvchi va sayyohlar hisobini yurituvchi davlat hamda nodavlat tashkilotlarning yagona axborot bazasini shakllantirish ham katta ahamiyat kasb etmoqda.

Turizm jahon iqtisodiyotida jadal rivojlanayotgan va eng daromadli tarmoqlardan biri. Mamlakatda turizm rivoji aholi bandligini ta’minlash, «Bir kun janjal bo‘lgan uydan qirq kun baraka ketadi», deydi dono xalqimiz. Mahallalardagi notinch xonadonlarni, turli noxush vaziyatlarni kamaytirish, tinchlik osoyishtalikni ta’minlash uchun bugun «Xavfsiz shahar» tizimlarini rivojlantirish markazi tomonidan Namangan, Sirdaryo, Buxoro, Samarqand, Farg‘ona viloyatlari IIB va Toshkent viloyati hamda Toshkent shahar IIBBlari bilan hamkorlikda qator ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, mahallalarda jami 1157 ta, shahar va tumanlar kirish-chiqish obyektlariga transport vositasining davlat raqami belgilarini aniqlovchi 19 ta va yo‘l harakati qoidabuzarliklarini foto-video qayd etuvchi avtomatlashtirilgan tizim uchun 84 ta, to‘xtash va to‘xtab turish, belgilangan tezlikdan oshirilganlik qoidabuzarliklarini aniqlovchi 9 ta kamera o‘rnatildi.Shu bilan birga, «Raqamli xavfsiz mahalla» konsepsiyasi doirasida Samarqand, Namangan, Farg‘ona, Qashqadaryo viloyatlarida mahalliy hokimliklar bilan birgalikda jam i 790 ta, shahar va tumanlarga kirish-chiqish obyektlariga transport vositasining davlat raqami belgilarini aniqlovchi 71 ta kamera o‘rnatilmoqda. O‘tgan yili iyul oyida Farg‘ona shahrida Prezidentimiz raisligida hududlarda huquqbuzarliklarning oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurashish borasidagi ustuvor vazifalar yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida jinoyat qilgan shaxslarning har uchinchisini yoshlar tashkil qilayotgani afsus bilan qayd etildi. «E’tibor bering, yoshlar jinoyatchiligining katta qismi nazoratsiz qolgan voyaga yetmaganlar tomonidan sodir qilinmoqda. Eng achinarlisi, voyaga yetmaganlar ichida o‘ta og‘ir jinoyat sodir etganlari ham bor», degan edi davlatimiz rahbari. Shu bois, yoshlar bilan manzilli ishlash dasturlari amalga oshirilishi belgilangan. Oilaviy nizolar, ayollar jinoyatchiligi holatlariga ham e’tibor qaratilib, og‘ir ahvoldagi oilalarga yordam berish bo‘yicha «ijtimoiy xizmat ishi» ochilishi, «Xavfsiz oila» tamoyili asosida alohida tizim yo‘lga qo‘yilishi ko‘zda tutilgan.«Qush uyasida ko‘rganini qiladi», deganlaridek oiladagi ma’naviy muhit farzand tarbiyasida yaqqol ko‘zga tashlanadi. Munosabatlarda muammosi bo‘lgan, mas’uliyatsiz ota-ona kelgusi noxush vaziyatlarga zamin tayyorlaydi. Oiladagi bo‘shliq bolaning turli yo‘llarga kirishi, har yerdan va har kimdan tayanch izlashiga sabab bo‘ladi.Shiddat bilan rivojlanayotgan dunyoda kechayotgan ziddiyatli jarayonlar ta’siri bugun mamlakatimizni ham chetlab o‘tayotgani yo‘q. Bunga biz uyg‘oq qalbli, ilm-u ma’rifatli, ma’naviyatli, yaratuvchan yoshlarimiz bilan qarshi tura olamiz. Bunday yigit-qizlar esa tinch-totuv, mehr oqibatli oilalarda kamolga yetadi.

Aynan oilada yigit-qizlar qalbida hayotdan minnatdorlik tuyg‘usini shakllantirish, qiyinchiliklarni oqillik va sabr bilan yengish, tinchlik-osoyishtalikning qadri ulug‘ ekanini anglashga ko‘mak berish ishlari mushtarak olib borilishi zarur. Shunda «Xavfsiz shahar» tamoyilining samarasi yanada yaqqol ko‘rinadi.«Xavfsiz shahar» loyihasini amalga tatbiq etishdan ko‘zlangan asosiy maqsad jamoat xavfsizligini ta’minlash ishlarini yangi bosqichga olib chiqish, jinoyatchilikka qarshi kurashish tizimini to‘laqonli va samarali tashkil etish, favqulodda xatarlar va oqibatlarni oldindan prognozlash orqali oldini olish. Jamoat xavfsizligini ta’minlashda zamonaviy raqamli texnologiyalar, intellektual tizimlardan keng foydalangan holda inson omilini kamaytirishga erishiladi. Bu, o‘z navbatida, aholi xavfsizligini ta’minlash, favqulodda holatlarning oldini olish, ularni baholash va to‘g‘ri qaror qabul qilishga olib keladi. IIV «Xavfsiz shahar» tizimlarini rivojlantirish markazi xodimlari «Xavfsiz shahar» loyihasi doirasida g‘ayrat-shijoat bilan faoliyat ko‘rsatmoqdalar. Ular, xususan, aholi xavfsizligi, yurt osoyishtaligini ta’minlash, tabiiy ofatlarda aholini oldindan ogohlantirish hamda mamlakatning sayyohlik va investitsion jozibadorligini oshirish borasidagi ulkan vazifalarni mas’uliyat bilan amalga oshirishga bel bog‘lagan.

 

Agar saytdan imlo xatolarini topsangiz, matnni tanlab, Ctrl+Enter tugmalarini bosib bizga xabar bering!

Subscribe to our Telegram channel!