Hurmatli hamkasblar!
Vatanimizning eng ulugʻ, eng aziz ayyomi – Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining 32 yillik bayrami bilan sizlarni – ichki ishlar organlarining barcha xodimlari, harbiy xizmatchilari, taʼlim muassasalari professor-oʻqituvchilari hamda tinglovchi-kursantlarini, shuningdek, xizmat burchini bajarish chogʻida halok boʻlgan xodimlarning oila aʼzolarini va aziz faxriylarimizni chin qalbimdan samimiy tabriklayman.
Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning qarorlariga asosan mamlakatimizda bu yilgi bayram “Yangi hayot uchun, Yangi Oʻzbekiston uchun!» degan bosh gʻoya asosida oʻtkazilmoqda.
Joylarda “Har bir kun – bu imkoniyat, har bir kun – bu kelajak uchun poydevor” shiori ostida oʻtkazilayotgan bayram tadbirlari ham, yurtimizda insonga boʻlgan eʼtibor yuksak qadr topayotganidan dalolat bermoqda.
Mustaqillik yillarida barcha jabhalar singari ichki ishlar organlari ham gʻoyat murakkab, masʼuliyatli, shu bilan birga, sharafli yoʻlni bosib oʻtdi. Ayniqsa, keyingi yillarda davlatimiz rahbari tashabbuslari bilan ichki ishlar tizimida keng qamrovli islohotlar oʻtkazildi va bu boradagi saʼy-harakatlar davom ettirilmoqda.
Islohotlar jarayonida xalq manfaatlariga xizmat qilish, mahallalarni jinoyatchilikdan xoli hududga aylantirish vazifasi – har bir xodimning kundalik faoliyat mezoniga aylandi. Xodimlarning maʼnaviy dunyoqarashini rivojlantirish maqsadida “Vatanga va xalqqa sadoqat bilan xizmat qilish – oliy burchimiz!» degan ezgu gʻoyani amaliyotga tatbiq etish boʻyicha keng koʻlamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Davlatimiz rahbari tomonidan ichki ishlar organlariga koʻrsatilayotgan yuksak eʼtibor va gʻamxoʻrlik har bir xodimdan kunu tun oʻz ustida ishlab, xalqimizning ishonchini oqlash uchun fidoyilik bilan xizmat qilishni talab etadi.
Tizimdagi barcha xodimlar zimmasidagi vazifalar masʼuliyatini anglab yetgan holda, xalqimiz va Prezidentimiz ishonchini oqlash uchun bor kuch-gʻayratini safarbar etishiga ishonaman.
Fursatdan foydalanib, sizlarni bayram bilan yana bir bor tabriklab, elu yurtimizning tinch-osoyishta hayotini taʼminlash yoʻlidagi masʼuliyatli hamda sharafli xizmat faoliyatingizda ulkan muvaffaqiyatlar tilayman.
General-leytenant Po’lat Bobojonov
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri
2023-yil “31” avgust
manbaa: iiv.uz rasmiy sayti.