Tadbirning ochilish marosimida Ichki ishlar vaziri general-leytenant Poʻlat Bobojonov tomonidan ustoz va murabbiylar kuniga bagʻishlangan bayram bilan soha faxriylariga hamda tizimda koʻp yillar davomida xizmat qilib kelayotgan xodimlarga tabrik va samimiy tilaklar bildirildi.
Shuningdek, Davlatimiz rahbari muhtaram Shavkat Miromonovich Mirziyoyev rahbarligida yurtimizda keksa avlod vakillarini eʼzozlash, ularning pand-nasihatlariga tayanib, tajribalarini oʻrganish masalasiga katta eʼtibor berilayotganligi taʼkidlandi.
Yurtboshimizning joriy yil 11-mart kuni eʼlon qilingan “Keksa avlod vakillarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash hamda ularning ijtimoiy faolligini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori bu boradagi ishlarni yanada rivojlantirishga turtki boʻlmoqda.
Shu bois ham hozirgi kunda ichki ishlar organlarida “Uch avlod” uchrashuvlarini tizimli ravishda oʻtkazib borishga alohida ahamiyat qaratilmoqda.
Ayniqsa, xalqimiz uchun bebaho neʼmat boʻlgan tinchlik-osoyishtalikni taʼminlashda hayotiy tajribasi katta boʻlgan insonlar, keksa avlod vakillarining bilimlari, maslahat va yoʻl-yoʻriqlari gʻoyat muhimdir.
Eʼtirof etish lozimki, ichki ishlar organlari tizimida uzoq yillar davomida xizmat qilgan faxriylar bugungi kunda yurtimizdagi turli davlat idoralari va tashkilotlarida, yaʼni, jamiyatimizning barcha jabhalarida masʼul lavozimlarda tinimsiz mehnat qilib kelmoqdalar.
Bayram munosabati bilan bir guruh faxriylar va soha fidoyilariga Ichki ishlar vazirligining esdalik sovgʻalari topshirildi.
Faxriylariga ehtirom koʻrsatilayotgan bu kabi tadbirlar ustoz va murabbiylar kuni arafasida barcha ichki ishlar organlarida tashkil etilmoqda.
manbaa: iiv.uz rasmiy sayti.